Jurnalistlar uchun malaka oshirish treningi muvaffaqiyatli o‘tdi
Axborot oqimlari tobora kuchayib borayotgan, yolg‘on-yashiq xabarlar jamiyat ongiga bosim qilayotgan bir paytda, jurnalistikaning mas'uliyati va yuki ham ortib bormoqda. Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan ikki kunlik o‘quv-trening aynan shu dolzarb mavzularni muhokama qilishga bag‘ishlandi. Mazkur trening O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi hamkorligida tashkil etildi.
“Raqamli davr jurnalisti: vositalar, tekshiruvlar, manipulyatsiyadan himoya” mavzusida o‘tgan seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari, tajribali jurnalistlar, turli tashkilotlar va oliy ta'lim muassasalari axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etdi. Ular qatorida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali Axborot xizmati rahbari Z.Xojamuratova ham treningda faol qatnashdi.
U seminar davomida dolzarb mavzular yuzasidan fikr almashdi va o‘z tajribasi bilan bo‘lishdi. Tadbir davomida Toshkentdan tashrif buyurgan yetuk jurnalistlar va media mutaxassislari ishtirokchilarga zamonaviy jurnalistika, media savodxonlik, fact-cheking, yolg‘on xabarlarni aniqlash kabi yo‘nalishlarda chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarni taqdim etdilar.
Albatta, treningning eng muhim jihatlaridan biri sun’iy intellekt vositalarining jurnalistikadagi o‘rni, ularning imkoniyatlari va ehtimoliy xavflari haqida bo‘lgan muhokamalardir. Ikki kun davom etgan bu trening axborot sohasida faoliyat yuritayotgan har bir jurnalist va matbuot xodimi uchun yangi yondashuvlar, yangicha fikr, do‘stona aloqalar va ilhom bag‘ishladi. Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi. Bu esa ularning kasbiy yo‘lida yana bir muhim bosqichni bosib o‘tganidan dalolat berib, ularga yangi motivatsiya bag‘ishladi.
скачать dle 12.1