Ota-onalar ishtirokidagi ochiq muloqot: yutuqlar taqdirlandi, hamkorlik mustahkamlandi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talabalar ota-onalari ishtirokida ochiq muloqot tarzidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda barcha kurslarda tahsil olayotgan talabalarimizning ota-onalari tuman va viloyatlardan tashrif buyurib, faol ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida, avvalo, filialda “Eng muhim bosqich” shiori ostida tashkil etilgan sport musobaqalari va ma’naviy-ma’rifiy tanlovlarda g‘olib bo‘lgan talaba-yoshlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. G‘oliblarga diplomlar, vaucherlar va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Ayniqsa, ota-onalar guvohligida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimi talabalar uchun g‘urur va ilhom manbaiga aylandi.
Tadbirni ochib bergan filial direktori A.Esimbetov o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi:
— Farzandlaringizga bildirgan ishonchingiz uchun barchangizga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Yelkamizda ana shu ishonch yukini ko‘tarib, farzandlaringizga sifatli ta’lim berish yo‘lida bor kuch va g‘ayratimizni safarbar etamiz. Bunday ochiq muloqotlar bizni yanada yaqinlashtiradi va ta’lim-tarbiya jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shundan so‘ng ota-onalar guruhlarga bo‘linib, kurslar kesimida filial rahbariyati, professor-o‘qituvchilar bilan bevosita muloqot qilishdi. Yig‘ilishlarda ota-onalarga ta’lim jarayoni, ichki tartib-qoidalar, talabalarning yashash va o‘qish sharoiti, bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish borasida to‘liq ma’lumotlar berildi.
Mazkur uchrashuv ota-onalar bilan doimiy aloqalarni mustahkamlash, ularni ta’lim-tarbiya jarayonining faol ishtirokchisiga aylantirish, farzandlar muvaffaqiyatida ham oila, ham oliy ta’lim muassasasining mas’uliyatli hamkor ekanini anglatish maqsadida tashkil etildi.
Yig‘ilish davomida iqtidorli va faolligi bilan ajralib turgan talabalar ota-onalariga filial rahbariyati tomonidan minnatdorchilik yorliqlari topshirildi.
— Men Nukusga Qorao‘zak tumanidagi uyimdan tashrif buyurdim. Qizimning faol, intiluvchan va tashabbuskor talaba sifatida e’tirof etilgani, menga bildirgan minnatdorchilik qalbimni g‘ururga to‘ldirdi. Bu kabi tadbirlar ota-onalarni ham farzandlari hayotiga bevosita jalb etadi, — deydi 3-bosqich talabasi Bibinur Bazarbayeva onasi Gulzar Aliyeva.
Shubhasiz, bu kabi muloqotlar ota-onalar, o‘quv yurti va talabalar o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlaydi, ta’lim sifatining oshishiga xizmat qiladi.
скачать dle 12.1