Filial yoshlari “Kelajak innovatori” va “Eng yaxshi prototip” nominatsiyalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi
Yurtimiz iqtidorli yoshlarini aniqlash, ularni ilm-fan va innovatsiyalarga keng jalb etish, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiluvchi “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovi yakuniga yetdi. Tanlov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda “Ulug‘bek” jamg‘armasi tomonidan tashkil etildi. To‘rt kun davom etgan bellashuvlar respublikamizning barcha hududlaridan kelgan bilimdon va iqtidorli yoshlar uchun o‘z salohiyatini namoyish etish, zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosidagi loyihalarni taqdim etish, bilim va tajriba almashish, shuningdek, yangi ilmiy hamkorliklar yo‘lga qo‘yish uchun muhim maydon bo‘ldi.
Ushbu tanlovda qatnashgan yoshlar orasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali talabalari o‘zining tashabbuskorligi, chuqur ilmiy izlanishlarga asoslangan loyihalari va zamonaviy fikrlash doirasi bilan e’tiborni tortdi. Filial talabalari nafaqat umumiy qatnashchilardan ajralib turdi, balki o‘zlarining puxta tayyorlangan, innovatsion g‘oyalarga boy ishlanmalari bilan hay’at a’zolari va mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Xususan, 4-bosqich talabasi Asadbek Boltaboyev “Oazis: cho‘ldagi jannat” loyihasi bilan “Kelajak innovatori” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, magistratura 1-bosqich talabasi Mehribonu Aytmuratova “Artemiya sistasini innovatsion usulda ko‘paytirish va eksportini yo‘lga qo‘yish” nomli ilmiy loyihasi bilan “Eng yaxshi prototip” nominatsiyasi g‘olibiga aylandi.
Ushbu yutuqlar – Nukus filialida shakllanayotgan sog‘lom ilmiy muhit, zamonaviy ta’lim yondashuvlari va yoshlarning ilmga bo‘lgan qiziqishi natijasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun filialda aynan shunday iqtidorli, izlanuvchan va fidokor yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Shuni alohida qayd etish joizki, tanlovning dastlabki bosqichlarida ham filial talabalari yuqori faollik ko‘rsatib, tuman bosqichida 7 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida esa 4 nafar talaba g‘olib deb topilgan edi. Respublikaviy bosqichdagi muvaffaqiyat esa ushbu zanjirli natijalarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bunday yutuqlar, avvalo, filial rahbariyati va ustozlarning e’tibori, talabalarga yaratilgan sharoitlar hamda yoshlarning o‘z ustida tinimsiz ishlashi natijasidir. Nukus filialining ilm-fan sohasidagi muvaffaqiyatlari kelgusida yanada ko‘plab yoshlarni motivatsiyalab, ularga mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilishiga ishonamiz.
скачать dle 12.1