Targ‘ibot tadbirlari samarali olib borildi
Avval xabar berganimizdek, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida 2025–2026 o‘quv yili uchun abituriyentlarni qabul qilish jarayonini tizimli va samarali tashkil etish maqsadida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari muntazam ravishda olib borildi.
Jumladan, 2025-yil 25-may sanasiga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlaridagi umumta’lim maktablarida faol targ‘ibot ishlari tashkil etildi. Targ‘ibot jarayonlarida filialning turli kafedra va bo‘limlari vakillari ishtirok etib, maktab o‘quvchilari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi, ularga ta’lim yo‘nalishlari, o‘qish sharoitlari va qabul jarayonlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etdi.
Xususan, Axborot-resurs markazi rahbari Z.Erlepesova hamda “Zooinjeneriya” kafedrasi o‘qituvchilari A.Tleumuratov va B.Joldasbaevlar Mo‘ynoq tumanidagi umumta’lim maktablarida targ‘ibot ishlarini olib bordilar. Uchrashuvlar davomida bitiruvchi sinf o‘quvchilariga filialda mavjud ta’lim yo‘nalishlari, o‘quv laboratoriyalari, amaliy mashg‘ulotlar va talabalarga yaratilgan qulayliklar haqida atroflicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, “Veterinariya diagnostikasi va oziq-ovqat xavfsizligi” kafedrasi o‘qituvchisi A.Qalenderov va “Iqtisodiyot va gumanitar fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi D.Matkarimova Qonğ‘irot tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida bo‘lib, mutasaddilar bilan suhbatlashdi hamda 22-, 38-, 39- va 40-umumta’lim maktablarining bitiruvchilari bilan ochiq muloqotlar tashkil etdilar.
Amudaryo tumanidagi umumta’lim maktablarida esa “Zooinjeneriya” kafedrasi o‘qituvchilari Z.Tleubaeva va A.Nametov tomonidan targ‘ibot ishlari olib borildi. Ular maktab o‘quvchilariga o‘z kasbiy yo‘nalishlarini to‘g‘ri tanlashda yordam berish, filialdagi imkoniyatlar va o‘qish sharoitlari bilan yaqindan tanishtirishga alohida e’tibor qaratdilar.
Bir so‘z bilan aytganda, filialdagi barcha kafedra o‘qituvchilari va xodimlari ushbu jarayonda faollik ko‘rsatib, targ‘ibot ishlariga mas’uliyat bilan yondashdilar. Ularning ta’kidlashicha, maktab bitiruvchilari filialdagi o‘quv jarayoniga katta qiziqish bildirib, o‘zlarining kelajagini aynan ushbu oliy ta’lim muassasasi bilan bog‘lash istagini izhor etishgan. Shubhasiz, bunday izchil va tizimli targ‘ibot ishlari yosh avlodning ongli kasb tanlashi, oliy ta’lim sari bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda ularni kelajak hayotga puxta tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
скачать dle 12.1