Veterinariya tarmog‘ining ilmiy rivoji muhokama markazida
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Veterinariya meditsinasining zamonaviy ilm-fan yutuqlari va chorvachilikni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Tadbir "Veterinariya meditsinasi va farmakologiyasi" kafedrasi tashabbusi asosida tashkil etildi. Mazkur ilmiy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, magistrantlari va talabalari qatnashdi.
Tashkilotchilar tashabbusi bilan olib borilgan xalqaro ilmiy aloqalar natijasida, konferensiyaga qo‘shni mamlakatlardan ma’ruzachilar masofaviy shaklda ishtirok etdi. Bu esa mintaqaviy ilmiy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ijobiy siljishlarni ko‘rsatadi. Konferensiya boshida filial direktori A.Esimbetov so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini qutladi va uning ilmiy hamda amaliy ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Tadbir davomida zamonaviy veterinariya fanining dolzarb muammolari, ilmiy-innovatsion yutuqlarni amaliyotga tadbiq etish yo‘nalishlari, farmakologik nazorat va chorvachilik salomatligini saqlashda ilg‘or metodlar muhokama qilindi.
Ma’ruzalar va muhokamalar asosida ilgari surilgan ilmiy yondashuvlar tahliliy va nazariy jihatdan asoslangan bo‘lib, ular sohaga oid mavjud muammolarni ilmiy hal qilish yo‘llarini ochib berdi. Konferensiyada “Buzoqlarda modda almashinuv jarayonlariga dorivor moddalarning ta’siri va noto‘g‘ri qo‘llanishi” mavzusida ma’ruza qilgan veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) J.Rejepbayev o‘z ilmiy natijalari bilan ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, buzoqlarda metabolik jarayonlarning barqarorligi chorva salomatligini ta’minlovchi asosiy omillardan biri bo‘lib, dori vositalarining noto‘g‘ri yoki me’yoridan ortiqcha qo‘llanishi organizmda intoksikatsiya, jigarda distrofik o‘zgarishlar va immun tizimining sustlashuviga olib kelishi aniqlangan.
Bunday holatlarning oldini olish uchun har bir holatda differensial diagnostikaga asoslangan individual yondashuv zarurligi ilmiy asosda isbotlangan. J.Rejepbayev, shuningdek, farmatsevtik nazorat tizimini takomillashtirish, dori vositalarining sifatini tahlil qilish, ularni ishlab chiqarish va qo‘llashda ekologik xavfsizlik talablariga rioya etish muhimligini ta’kidladi. Tadqiqotlarda metabolik sindromlarning patogenezi, buzoqlarda o‘sish ko‘rsatkichlariga farmakologik omillarning ta’siri kabi masalalar keng o‘rganilgan. Konferensiya davomida ilgari surilgan ilmiy fikrlar, tajriba natijalari va tahliliy mulohazalar, tegishli ilmiy yo‘nalishlarda izchil izlanishlar olib borish uchun zarur ilmiy-metodik asos bo‘lib xizmat etadi. Mazkur ilmiy-amaliy konferensiya veterinariya meditsinasi sohasida yuzaga kelayotgan dolzarb muammolarni chuqur tahlil qilish, innovatsion yondashuvlar asosida amaliy yechimlar ishlab chiqish, shuningdek, ilmiy izlanishlar va tajriba almashinuvini tizimli asosda rivojlantirish yo‘lida muhim konseptual bosqich bo‘lib xizmat qildi.
скачать dle 12.1