Deputat va yoshlar: ishonch muloqotdan boshlanadi
Yoshlar – bugunning tashabbuskor kuchi, ertaning tayanchi. Ularga ishonch bildirish, muammolarini eshitish, g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bugungi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Aynan shu ezgu maqsadni ko‘zlab, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Deputat va yoshlar” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda Xalq deputatlari Chimboy tumani Kengashining deputati X.Abdijaliyev, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Begimova, filial rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda faol talaba-yoshlar ishtirok etdi. Muloqot ochiq va samimiy ruhda o‘tdi.
Mazkur uchrashuv oddiy savol-javob shaklidagi tadbirdan ko‘ra, yoshlarga bildirilayotgan yuksak ishonch, ularning kelajagiga qaratilayotgan e’tibor timsoliga aylandi. Tadbir davomida yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ta’lim tizimidagi islohotlar, kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlikni rivojlantirish, innovatsion faoliyat va yoshlar bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan davlat siyosati yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Muhokamalarning asosiy e’tibor markazida yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish, ularni siyosiy-ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishga undash masalalari bo‘ldi. Deputatlar talabalar bilan yuzma-yuz muloqot olib bordi, ularning murojaatlarini tinglab, har bir savolga asosli va ochiq javoblar berdi.
Xususan, yoshlarga parlament faoliyati, saylovlardagi ishtirok, qonunchilik tashabbuslari bilan chiqish huquqlari borasida keng tushunchalar berildi. Bu esa ularning siyosiy bilim va ongini yanada boyitdi.
Tadbir davomida talabalar ta’lim jarayoni, stipendiya tizimi, bandlik masalalari, ijtimoiy muhit kabi dolzarb mavzular yuzasidan deputatlarga o‘z savollarini yo‘lladilar. Har bir murojaat e’tiborsiz qolmadi – muammolar ochiq muhokama qilinib, amaliy tavsiyalar berildi.
Yoshlarning faolligi, ijtimoiy jarayonlarga befarq emasligi, o‘z kelajagiga mas’uliyat bilan yondashayotgani quvonarli holat sifatida e’tirof etildi.
Shubhasiz, bu kabi muloqotlar yoshlarda fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ularni jamiyatdagi o‘z o‘rnini anglashga undash, ijtimoiy faolligini kuchaytirish hamda davlat va jamiyat oldidagi mas’uliyatini his etishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida talabalar bu kabi ochiq muloqotlar muntazam tashkil etilishi kerakligini ta’kidlab, xalq vakillariga minnatdorlik bildirdilar.









Axborot xizmatiскачать dle 12.1