Filial imkoniyatlari joylarda targ‘ib qilinmoqda
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida 2025–2026 o‘quv yili uchun abituriyentlarni qabul qilish jarayonini tizimli, samarali va maqsadli yo‘lga qo‘yish maqsadida keng qamrovli targ‘ibot ishlari boshlandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan maxsus targ‘ibot guruhlari hozirda joylardagi umumta’lim muassasalariga tashrif buyurib, qabul jarayonlari, ta’lim yo‘nalishlari va filialda yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot bermoqda.
Targ‘ibot tadbirlari doirasida filial vakillari — Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari X. Abdijaliyev, Axborot xizmati rahbari Z. Xojamuratova hamda “Zooinjeneriya” kafedrasi o‘qituvchisi B.Alimbayevlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanidagi bir qator maktablarga tashrif buyurishdi.
Xususan, 49-son umumta’lim maktabida tumandagi barcha maktab direktorlarini jalb qilgan holda ochiq uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda o‘quvchilar bilan bir qatorda aynan maktab rahbarlari bilan alohida muloqot o‘tkazildi. Uchrashuv davomida filialning o‘quv-tarbiyaviy jarayonlari, mavjud yo‘nalishlar, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, moddiy-texnik baza haqida batafsil va ishonchli ma’lumotlar yetkazildi.
Targ‘ibot guruhining chiqishlarida filialda ta’lim olayotgan talabalar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma — yotoqxona, kutubxona, zamonaviy laboratoriyalar, sport zallari hamda bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish imkoniyatlari alohida ta’kidlab o‘tildi.
X.Abdijaliyev o‘z nutqida filialda nafaqat kasbiy bilim, balki ma’naviy-axloqiy tarbiya, erkin fikrlaydigan va ijtimoiy faollikka ega yoshlar yetishtirilayotgani haqida to‘xtaldi. Maktab direktorlariga berilgan mazkur ma’lumotlar ularning bitiruvchi o‘quvchilariga kasb tanlashda to‘g‘ri va asosli yo‘naltirish berishiga xizmat qilishi, shu orqali universitet va maktablar o‘rtasidagi uzviy hamkorlik mustahkamlanishi ta’kidlandi.
Tadbir davomida filial faoliyatini yorituvchi videorolik namoyish etildi, targ‘ibot materiallari tarqatildi hamda o‘quvchilarning qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi.
Mazkur tashriflar orqali maktab rahbarlari bilan samarali muloqot o‘rnatilib, bitiruvchilarning kasbiy kelajagini ongli tanlashiga ko‘maklashish, ularni oliy ta’limga yo‘naltirish borasida muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Shu bilan birga, maktablar bilan doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali ta’limdagi uzviylikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
скачать dle 12.1