Ochiq muloqot orqali talabalar amaliyotni yanada takomillashtirish muhokama qilindi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida o‘quv yili davomida talaba-yoshlarning amaliyot o‘tash jarayonlarini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda filialning professor-o‘qituvchilari, o‘quv-uslubiy boshqarma hamda talabalar amaliyoti bo‘limi mas’ullari, shuningdek, faol talaba-yoshlar ishtirok etdilar. Ochiq muloqotni O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Q.Atnazarov kirish so‘zi bilan ochib berdi va olib bordi.
Muloqot davomida amaliyot jarayonining mazmuni, uning sifatli tashkil etilishi, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmaga aylantirishdagi muhim bosqichlar, shuningdek, hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalar masalalari atroflicha muhokama qilindi. “Veterinariya va zooinjeneriya” fakulteti dekani A.Kaniyazov hamda O‘quv-uslubiy boshqarmasi talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i J.Ibragimov so‘zga chiqib, filialda mavjud imkoniyatlar, amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuvlar va yechim talab qilayotgan muammolar haqida o‘z fikr va takliflarini bildirib o‘tdilar.
Uchrashuv ochiq va interaktiv ruhda o‘tdi. Talaba-yoshlar ham faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi, taklif va mulohazalarini bildirishdi. Ayniqsa, amaliyot o‘tash joylarini tanlashda shaffoflik, baholash mezonlari, amaliyot davomida nazorat tizimi va natijadorlik bo‘yicha bildirilgan fikrlar dolzarb ahamiyat kasb etdi. Ushbu ochiq muloqot talabalarning professional tayyorgarligini oshirish, ularni sohaga yanada chuqurroq jalb qilish va amaliyot jarayonini takomillashtirishga xizmat qiluvchi muhim platforma bo‘ldi.
Tadbir yakunida ilgari surilgan takliflar asosida tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Nukus filiali rahbariyati talaba-yoshlarning amaliyotga bo‘lgan yondashuvini yanada kuchaytirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini real ish jarayonida mustahkamlashga doimiy e’tibor qaratayotganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
скачать dle 12.1