Maktab o‘quvchilariga filialda yaratilgan imkoniyatlar yetkazilmoqda
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalaruniversiteti Nukus filialida 2025–2026 o‘quv yili uchun abituriyentlarni qabul qilish jarayonini tizimli va samarali tashkil etish maqsadida targ‘ibot ishlari boshlab yuborildi. Ushbu jarayon doirasida targ‘ibot guruhlari shakllantirilib, joylarda faoliyat olib bormoqda.
Yaqinda filialning targ‘ibot guruhi a’zolari — Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari X.Abdijaliyev, Axborot xizmati rahbari Z.Xojamuratova hamda “Zooinjeneriya” kafedrasi o‘qituvchisi B.Alimbayevlar tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanida joylashgan bir qator umumta’lim maktablariga tashriflar uyushtirildi.
Xususan, 32, 36, 38 hamda 49-sonli maktablarda o‘quvchi yoshlar va maktab ma’muriyati bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Suhbat davomida Nukus filialida ta’lim olayotgan talabalar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, zamonaviy infratuzilma, tajribali professor-o‘qituvchilar tarkibi, zamonaviy laboratoriyalar va talabalar turar joylari borasida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Targ‘ibot uchrashuvlarining asosiy maqsadi — yoshlarga to‘g‘ri va aniq ma’lumot yetkazish, ularda veterinariya, chorvachilik va biotexnologiyalar sohalariga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda ushbu sohaga yo‘naltirilgan mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim olish istagini kuchaytirishdan iborat.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Nukus filialida ta’lim jarayoni bugungi kun talablariga moslashtirilgan bo‘lib, o‘quv dasturlari va amaliy mashg‘ulotlar orqali talabalar nazariy bilim bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarni ham egallab bormoqda. Bundan tashqari, filialda faoliyat yuritayotgan Yoshlar ittifoqi, “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi, sport to‘garaklari va ko‘plab ijtimoiy loyihalar talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirishda muhim o‘rin tutmoqda. Shuningdek, uchrashuv davomida o‘quvchilarga filial faoliyatini yorituvchi targ‘ibot materiallari, buklet va flayerlar tarqatildi.
Ta’lim yo‘nalishlari, qabul jarayoni, fanlar majmuasi va yaratilgan sharoitlar haqida tushunarli va batafsil ma’lumotlar jamlangan ushbu materiallar abituriyentlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bundan tashqari, maktab o‘quvchilariga filial hayotini aks ettiruvchi videoroliklar namoyish etildi. Ushbu videolavhalar orqali ular universitetda olib borilayotgan ta’lim jarayoni, ilmiy va amaliy mashg‘ulotlar, talabalar ishtirokidagi ijtimoiy-madaniy tadbirlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Targ‘ibot guruhining keyingi manzillari Qoraqalpog‘iston Respublikasining boshqa tuman va shaharlari bo‘lib, kelgusida bu kabi uchrashuvlarni yanada kengroq miqyosda davom ettirish rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbus yosh avlodning kelajagini ongli tarzda tanlashiga, shuningdek, Nukus filialining mintaqadagi nufuzini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
скачать dle 12.1