Kitobga mehr – kutubxonachiga hurmat: Nukus filialining fidokor xodimlari e’tirof etildi
Toshkent davlat agrar universitetida “Yangi O‘zbekistonda kitobga mehr — kutubxonachiga hurmat” mavzusida Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli tadbirda oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari kutubxonachilari, sohaga aloqador mutaxassislar, olimlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Anjumanni Qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Eshmirza Abudualimov ochib berdi. U o‘z nutqida barcha ishtirokchilarni samimiy tabriklab, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning anjuman munosabati bilan yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Ushbu anjumanda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali rahbariyati hamda Axborot-resurs markazi xodimlari ham onlayn tarzda ishtirok etdilar. Quvonarlisi, anjumanda Nukus filialining Axborot-resurs markazi rahbari Z.Erlepesova kutubxona sohasidagi fidokorona mehnati uchun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov tomonidan maxsus tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Tashakkurnomani tantanali ravishda filial direktori A.Esimbetov topshirdi. U o‘z nutqida kutubxona xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy tabriklab, ularning bilimli, fidoyi va tashabbuskor mehnatlarini e’tirof etdi. Shuningdek, kutubxonada samarali faoliyat yuritib kelayotgan xodima R.Bekmuratovaga faxriy yorliq topshirildi.
Bu e’tiroflar kutubxona sohasida faoliyat olib borayotgan fidoyi xodimlarning mehnati munosib qadrlanayotganining yaqqol ifodasidir. Ayniqsa, Nukus filialida faoliyat yuritayotgan kutubxonachilar — Z.Erlepesova, R.Bekmuratova, S.Bazarbaeva va Z.Habipnazarovalarning o‘z ishlariga bo‘lgan mas’uliyatli yondashuvi va tashabbuskorligi ta’lim sifatini oshirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Filial jamoasi ushbu kasb egalari — kutubxonachilarni kasb bayramlari bilan samimiy tabriklaydi va ularga kelgusi faoliyatlarida kuch-g‘ayrat, sog‘lik-salomatlik va zafarlar tilaydi.
скачать dle 12.1