Tarim universiteti bilan strategik hamkorlik: Nukus filialining xalqaro ilmiy integratsiyadagi muhim qadami
Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan rasmiy tashrif doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali direktori A. Esimbetov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududida joylashgan yirik davlat oliygohi — Tarim universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Tarim universiteti rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etilib, qator dolzarb masalalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Muloqotlar natijasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida uzoq muddatli va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan “Hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi” imzolandi.
Mazkur memorandum ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘quv, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli hamkorlikni o‘z ichiga oladi. Jumladan, quyidagi yo‘nalishlarda yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan:
bakalavr va magistratura bosqichidagi talabalar almashinuvi;
professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashinuvi;
qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari ustida ishlash va xalqaro seminarlar tashkil etish;
ikki diplomli ta’lim dasturlari va qo‘shma konferensiyalarni ishlab chiqish;
ta’lim va metodika sohasida o‘zaro axborot almashuvi;
ilmiy maqolalarni xalqaro miqyosdagi nufuzli jurnallarda birgalikda chop etish.
Memorandum doirasida har qanday tashabbus alohida kelishuvlar asosida amalga oshiriladi va tomonlarning akademik manfaatlari hamda mavjud moliyaviy imkoniyatlari hisobga olinadi. Bu esa hamkorlikni yanada moslashuvchan va natijador qiladi.
Tashrif davomida Nukus filialining delegatsiyasi Tarim universiteti tarkibidagi «Hayvonot fanlari va texnologiyasi kolleji»
hamda “Tabiiy fanlar va texnologiyalari fakulteti” faoliyati, ularning zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriyalari bilan yaqindan tanishdi. Ilmiy muhit va texnik imkoniyatlar Nukus filialining ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘un kelgani bois, qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi.
Tarim universiteti professor-o‘qituvchilari bilan quyidagi ilmiy loyihalar ustida hamkorlik qilish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi:
- “Bir panjali hayvonlarda entomozlar (gastrofiloz, tabanioz va sarkoptoz) tarqalishini taqqoslovchi tahlil va ularni nazoat qilishning kompleks (biologik va profilaktik) choralari”;
- “Qo‘ylarda superovulyatsiyani sun’iy yo‘l bilan qo‘zg‘atishda homilador maydalar zardobi (PMSG)dan foydalanish samaradorligini baholash”;
- “Qo‘ylarda diplokokk infeksiyasini davolash va profilaktika usullarini ishlab chiqish”.
Yana bir muhim jihat shundaki, Tarim universiteti tomonidan Nukus filialining ikki nafar talabasi magistratura bosqichida tahsil olish uchun taklif qilindi. O‘quv jarayoni davomida ularga bepul yotoqxona ajratiladi hamda stipendiya to‘lanishi belgilandi.
Ushbu imzolangan memorandum Nukus filialining xalqaro ilmiy maydondagi ishtirokini kengaytirish, yetuk mutaxassislar tayyorlash hamda zamonaviy ta’lim tizimiga integratsiyalashish yo‘lidagi yana bir muhim bosqich bo‘ldi.
Mazkur strategik hamkorlik nafaqat universitet miqyosida, balki butun respublikamiz oliy ta’lim tizimida xalqaro tajriba almashinuvi va innovatsiyalarni joriy etishda yangi ufqlarni ochadi.











Axborot xizmatiскачать dle 12.1