Ilmiy hamkorlik yo‘lida xalqaro maydonda ishonchli qadam
Bugun O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi xalqaro ilmiy hamjamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida faol ishtirok etmoqda. Bu esa ilm, fan va innovatsiyalarni uzviy uyg‘unlikda rivojlantirish, zamonaviy yondashuvlar asosida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashni taqozo etadi. Shu maqsadda, joriy yilning 12-may kuni Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida “Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida sanoat, oliy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va texnologiyalarni amaliyotga joriy etishda hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli anjumanda Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Belarus Respublikasi delegatsiyalari tarkibidagi ta’lim vazirlari, yetakchi universitetlar rektorlari, ilmiy doiralar vakillari va yirik kompaniyalar ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan ishtirok etgan delegatsiya vakillari, jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali direktori, professor A.Esimbetov hamda filialning Ilmiy-tadqiqotlar, innovatciyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i A.Mambetnazarov anjuman doirasida samarali muzokaralar olib bordilar. Tadbir mobaynida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy va akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, Nukus filiali tomonidan Xitoyning Tarim universiteti bilan xalqaro elektron memorandum imzolandi. Mazkur hujjat ikki tomonlama ilmiy loyihalar, professor-o‘qituvchilar va talaba almashinuvini tashkil etish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish va innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish imkonini beradi. Nukus filialining xalqaro ta’lim fazosidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu ishtirok va erishilgan natijalar mamlakatimiz oliy ta’lim tizimining global raqobatbardoshlik darajasini oshirish, fan va amaliyot uyg‘unligini kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlarining mantiqiy davomidir. Ayniqsa, olis hududlardagi filiallarning ham dunyo miqyosidagi tashabbus va loyihalarda faol ishtirok etayotgani – ta’limda hududiy tenglikka erishish yo‘lida tashlangan dadil qadamlardandir.
скачать dle 12.1