Qalam va tasvir orqali ezgu g‘oyalar
Yosh avlod dunyoqarashi, ijodiy salohiyati va sog‘lom hayotga bo‘lgan intilishi Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida o‘tkazilayotgan turli madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Aprel–may oylarida “Eng muhim bosqich” shiori ostida tashkil etilgan loyihalar doirasida o‘tkazilgan rasmlar tanlovi ham talabalar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. “O‘zbekiston kelajagi yoshlar nigohida”, “Millatlararo totuvlik” va “Kasbim – faxrim” kabi mavzular asosida ijodiy ishlanmalar taqdim etilib, qatnashchilar o‘z qarashlari, g‘oyalari va ichki dunyosini badiiy ifoda etishga harakat qildilar.
Natijalarga ko‘ra, 3-kurs 309-guruh talabasi G.Qudaybergenova birinchi o‘ringa munosib topildi. Undan keyingi pog‘onalarni, ya’ni ikkinchi o‘rinni 1-kurs 109-guruh talabasi B.Orinbayeva hamda uchinchi o‘rinni 3-kurs 306-guruh vakili A.Xamidullayev egalladi. Bunday tanlovlar orqali talabalarda tashabbuskorlik, ijtimoiy faollik va badiiy did yuksalib, ular hayotga o‘ziga xos yondashuv bilan qarashni o‘rganmoqdalar.
Mazmunan boy, g‘oyaviy jihatdan chuqur bunday tadbirlar yoshlar qalbida ezgu tuyg‘ularni uyg‘otadi, ularga o‘z salohiyatini kashf etish, jamiyatdagi o‘rnini anglash va o‘z yo‘lini topishda mustahkam zamin yaratadi.
Talabalarning har bir ishtiroki – bu kelajak sari tashlangan dadil qadam, ularning har bir ijodiy ishlari esa – Vatan taraqqiyoti yo‘lida yonib yashayotgan qalb nidosidir.





Axborot xizmatiскачать dle 12.1