"Milliy qadriyatlar sayli" – yoshlar qalbiga ma'naviyat va vatanga sadoqat urug‘ini sochmoqda
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida "Adabiy-ma’rifiy haftaliklar" doirasida “Milliy qadriyatlar sayli” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni “Veterinariya va zooinjeneriya” fakulteti dekani A. Kaniyazov ochib berib, bu kabi tashabbuslarning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir davomida filial talaba-yoshlari tomonidan sahnalashtirilgan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Ular o‘z ijodiy chiqishlarida xalqimizning boy madaniy merosi va milliy urf-odatlarini jonli ifodalab berdilar.
Jumladan, xalq an’analari asosida sahnalashtirilgan “Bet ashar” ko‘rinishi tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish va olqishlar bilan kutib olindi. Shuningdek, iqtidorli talabalar ijrosida yurt, ona til, milliy qadriyatlarimizni madh etuvchi she’rlar yangradi, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Tadbir doirasida milliylikni yanada teran ifodalash maqsadida milliy sport musobaqalari ham tashkil etildi. Bellashuvlar davomida bahslarning adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida hakamlik vazifasini Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini E.Seytmuratov hamda “Iqtisodiyot va gumanitar fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Q.Urazbaev olib bordilar. Talaba-yoshlar guruhlarga bo‘lingan holda arqon tortish, tosh ko‘tarish, turnikka tortilish kabi milliy sport o‘yinlarida faol ishtirok etdilar.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, 3-bosqich 306-guruh talabalari 35 ball to‘plab faxrli 1-o‘rinni egalladilar. 2-o‘rin 33 ball bilan 3-bosqich 304-guruh jamoasiga nasib etdi. 3-bosqich 301-guruh talabalari esa 31 ball bilan 3-o‘rinni qo‘lga kiritdilar.
Bunday tadbirlar talaba-yoshlar qalbida milliy qadriyatlarga bo‘lgan mehr va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, ularni vatanparvarlik, birlik va o‘zligiga sodiqlik ruhida tarbiyalaydi.













Axborot xizmati
скачать dle 12.1