Hamjihat oila – sog‘lom jamiyat poydevori
2025-yil 15-may kuni “Xalqaro oila kuni” munosabati bilan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi hamkorligida “Otam, onam va men” shiori ostida yirik sport musobaqasi tashkil etildi. Oila qadriyatlarini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va oilaviy jamoaviylikni rivojlantirishga qaratilgan ushbu tadbir yuqori darajada o‘tdi.
Musobaqaning dastlabki bosqichlarida 10 dan ortiq oila ishtirok etdi. Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy kechgan bellashuvlar natijasida 7 ta oila final bosqichiga yo‘l oldi. Ayniqsa, yakuniy bosqichda ishtirok etgan oilalar o‘z jamoaviyligi, sportga bo‘lgan mehr-muhabbati va oilaviy totuvligini namoyon etdilar.
Quvonarlisi shundaki, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining “Veterinariya diagnostikasi va oziq-ovqat xavfsizligi” kafedrasi o‘qituvchisi B.Muratbayeva o‘z oilasi bilan ushbu nufuzli musobaqada filial nomidan ishtirok etib, faxrli ikkinchi o‘rinni egallashga erishdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor oilalarga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bunday tadbirlar oila a’zolari o‘rtasida hamjihatlik, sog‘lom muhit, jamoaviylik va o‘zaro hurmatni yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, ota-onalar va farzandlarning birgalikda harakat qilishi orqali oilaviy qadriyatlar yanada mustahkamlanadi, sog‘lom turmush tarzi esa keng targ‘ib qilinadi.
B.Muratbayeva va uning oila a’zolarini bayram munosabati bilan erishgan muvaffaqiyatlari bilan tabriklaymiz! Filial jamoasi nomidan ularga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va kelgusi musobaqalarda ham ulkan zafarlar tilaymiz.
скачать dle 12.1