Millatlar do‘stligi tarannumi: Filialda “Milliy liboslar sayli” o‘tkazildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida har juma kuni “Milliy liboslar kuni” doirasida o‘zgacha ma’naviy-ma’rifiy tadbir — “Milliy liboslar sayli” o‘tkazilmoqda. Unda filialda tahsil olayotgan turli millatlarga mansub talaba-yoshlar o‘z xalqlarining urf-odatlari, qadriyatlari va milliy o‘ziga xosligini ifodalovchi liboslarda ishtirok etib, xalqaro milliylik g‘oyasini tarannum etdilar.
Sayl davomida talabalar o‘zlarining milliy kiyimlarida filial hududida erkin sayr qilib, o‘z madaniyatlarini ko‘rsatish barobarida, turli millat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat ruhini namoyon etdilar. O‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, rus va boshqa millat vakillari o‘zlarining milliy liboslari orqali xalqiga xos madaniyatni, did va urf-odatlarini namoyish etdilar.
Mazkur tashabbus yoshlarda estetik didni shakllantirish, milliy qadriyatlarga hurmat, turfa millatlarning o‘ziga xosligini qadrlash hamda Vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlik muhitini chuqur anglashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, har bir millat vakilining teng imkoniyat va hurmat asosida ishtirok etishi, “bir Vatanda, bir yurak bilan” yashayotganimizning amaliy ifodasidir.
Shu bois, “Milliy liboslar sayli” — bu oddiy kiyimlar namoyishi emas, balki millatlar o‘rtasidagi do‘stlik va ahillikni madh etuvchi, har bir yosh qalbida g‘urur va iftixor uyg‘otuvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy jarayondir.
Milliy libos — bu xalq yuragi, uning tarixi, madaniyati va or-nomusi ifodasi. Nukus filialida har juma davom etayotgan ushbu sayllar orqali talabalar milliylik va xalqaro hamjihatlikni uyg‘unlashtirib, jamiyatda totuvlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini keng yoyishga xizmat qilmoqdalar.
скачать dle 12.1