Oila — qadriyatlar beshigi: Talabalar ijrosida xalqona ruh
2025-yil 15-may kuni poytaxtimiz Nukus shahridagi “Do‘stlik” kanali bo‘yida "Xalqaro oila kuni" munosabati bilan katta xalq sayli bo‘lib o‘tdi. Bayram tantanasi ko‘tarinki kayfiyat, xalqona shukuh va oila qadriyatlarini ulug‘lovchi bayramona ruhda o‘tdi. Sayil davomida san’at ustalarining jonli ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan badiiy-adabiy chiqishlar, milliy urf-odatlar asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, hunarmandlar yarmarkasi va turli ko‘rgazmalar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Mazkur tadbirda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali jamoasi va iqtidorli talaba-yoshlari ham faol ishtirok etdilar. Ayniqsa, filial talabalari tomonidan tayyorlangan va xalqimizning asrlardan buyon avaylab-asrab kelinayotgan urf-odatlarini o‘zida mujassam etgan “Bet ashar” nomli sahna ko‘rinishi yig‘ilganlar e’tiborini o‘ziga tortdi.
Ma’lumki, “Bet ashar” qoraqalpoq xalqining qadimiy marosimlaridan biri bo‘lib, yangi tushgan kelinning jamiyatga ilk bor tanishtirilishidan oldin ijro etiladigan ramziy marosimdir. Unda kelin izzat-ikrom bilan sahnaga olib chiqiladi, jamiyat vakillari oldida ehtirom bilan ta’zim qiladi. Shu orqali milliy qadriyatlar, oilaga bo‘lgan hurmat, kelinchakning jamiyatdagi o‘rni go‘zal ifoda topadi.
Talabalar ijrosidagi bu teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi o‘zining badiiyligi, jonli ijrosi, milliy ruh va estetik jihatdan mukammalligi bilan tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi. Tomoshabinlar sahna asarini qiziqish bilan kuzatib, filial yoshlarining san’atga bo‘lgan mehrini, xalq merosini qadrlashdagi e’tiborini yuksak baholadilar.
Bu kabi ishtiroklar nafaqat yoshlarimizda estetik didni shakllantirish, balki ularni milliy meros va qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
скачать dle 12.1