2025–2026 yilgi qabul targ‘iboti uchun ishchi guruh tuzildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida 2025–2026 o‘quv yili uchun abituriyentlarni qabul jarayonini tizimli va samarali tashkil etish maqsadida targ‘ibot guruhi shakllantirildi. Bugun aynan ushbu masalaga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda filial direktori o‘rinbosari, o‘quv ishlari bo‘yicha mas’ul Q.Atanazarov yig‘ilishga raislik qildi va yangi tashkil etilgan targ‘ibot guruhi oldida turgan vazifalar, ularning dolzarbligi hamda natijadorlikka yo‘naltirilgan yondashuvlar haqida atroflicha to‘xtaldi.
Targ‘ibot guruhi a’zolari qabul jarayonida filialda mavjud ta’lim yo‘nalishlari, professor-o‘qituvchilar salohiyati, zamonaviy moddiy-texnik baza, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlarni aholiga, xususan, bitiruvchi yoshlar va ularning ota-onalariga to‘g‘ri, aniq va ishonchli ma’lumot asosida yetkazishlari zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, targ‘ibot ishlari davomida hududlardagi umumta’lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar maktablarida uchrashuvlar tashkil etish, yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot qilish, ularni oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiluvchi metodlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Yig‘ilish yakunida har bir guruh a’zosiga o‘ziga biriktirilgan hududlar bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi hamda ushbu jarayonga mas’uliyat bilan yondashish, filial manfaatini samarali targ‘ib etish har bir xodimning burchi ekani alohida uqtirildi. Mazkur tashabbus – nafaqat qabul jarayonining sifatli tashkil etilishi, balki yoshlar orasida veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar sohasi bo‘yicha ta’lim olishga qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
скачать dle 12.1