Qozog‘istonlik professor ishtirokida online ma’ruza tashkil etildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida navbatdagi muhim tadbir tashkil etildi. Qozog‘iston Respublikasi Chimkent shahri Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining taniqli olimi, professor, akademik J.Pirjanov tomonidan “Qozog‘istonda urchitiladigan qoramol zotlarining mahsuldorligi” mavzusida online ma’ruza o‘qildi. Ushbu ma’ruza “Zooinjeneriya” kafedrasining bitiruvchi bosqich talabalari uchun tashkil etilib, unda kafedraning professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilar va chorvachilik yo‘nalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar faol ishtirok etdilar.
Ma’ruzachi o‘z chiqishida Qozog‘istonda qoramol zoti urchitish bo‘yicha olib borilayotgan seleksiya ishlari, genetik modellashtirish, nasldorlikni yaxshilash bo‘yicha qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, sut va go‘sht mahsuldorligi yuqori bo‘lgan zotlarning afzalliklari, ularni tanlab olish mezonlari hamda ularning atrof-muhit sharoitlariga moslashuvchanligi yuzasidan ilmiy asoslangan fikr-mulohazalarini bildirdi.Tadbir davomida talabalar tomonidan bildirilgan savollarga professor Jalil Pirjanov batafsil, ilmiy yondashuv asosida javob berib, amaliy tavsiyalarini taqdim etdi.
Ma’ruza ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, ular uchun foydali bilim va yangi qarashlarni shakllantirishda muhim omil bo‘ldi. Bunday xalqaro ilmiy uchrashuvlar nafaqat talabalarning kasbiy salohiyatini oshirish, balki ularning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, xorijiy tajriba bilan yaqindan tanishish va zamonaviy yondashuvlarni o‘rganish imkonini beradi. Tadbir yakunida filial rahbariyati tomonidan professor J.Pirjanovga chuqur minnatdorlik bildirilib, kelgusida ham Qozog‘iston oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy-akademik aloqalarni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalar, ilmiy konferensiyalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashuvlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi.
скачать dle 12.1