Kuydirgi kasalligi tarqalishi va uning oldini olish bo‘yicha o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Karantin choralarini ta’minlash guruhi xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislari tomonidan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida kuydirgi kasalligi tarqalishi holatlarida harakat qilish va kasallikning oldini olish bo‘yicha o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirni filial direktori, A.Esimbetov ochib berdi hamda bu kabi o‘quv mashg‘ulotlari yosh mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Seminarda filialning professor-o‘qituvchilari, veterinariya sohasidagi mutaxassislar hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdi. Tadbir davomida kuydirgi kasalligi aniqlangan hayvonlarni yo‘q qilish tartibi amaliy tarzda namoyish qilindi. Xususan, maxsus tayyorlangan sigir maketidan foydalanilgan holda hayvon jasadini yoqish, zararsizlantirish va atrof-muhitni dezinfeksiya qilish bo‘yicha bosqichma-bosqich ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, insonlarda kuydirgi kasalligining yuqtirish sabablari, klinik belgilari, kechishi va profilaktik choralari haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi. Seminar ishtirokchilari epidemik vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish, kasallik aniqlanganda zudlik bilan tegishli tashkilotlarga murojaat etish, karantin choralarini joriy etish va zararsizlantirish tartiblari bilan tanishtirildi.
Mazkur o‘quv-amaliy seminar talaba-yoshlarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, shuningdek, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish bo‘yicha zaruriy tajriba orttirishlariga xizmat qildi.
скачать dle 12.1