Jasorat xotirasi – Vatan fidoyilari bilan muloqot
2025-yil 7-may kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Buyuk G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan esda qolarli uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirga 1987–1989-yillar oralig‘ida harbiy xizmatni o‘tagan Afg‘on urushi faxriylari – T.Bekimbetov va A.Abipov faxriy mehmon sifatida taklif etildi. Uchrashuvda, shuningdek, filialning professor-o‘qituvchilari va faol talaba-yoshlari ham ishtirok etdi.
Filial direktori A.Esimbetov tadbirni ochib berar ekan, bu kabi uchrashuvlarning nafaqat tarixiy xotirani jonlantirish, balki yosh avlod qalbida vatanparvarlik, tinchlik, hamjihatlik va sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi. U 9-may sanasi biz uchun nafaqat g‘alaba, balki ajdodlar jasoratini e’zozlash va ularni xotirlash kuni ekanini ta’kidlab, mehmonlarga chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Tadbirning keyingi qismida faxriy mehmonlar o‘zlarining hayotiy tajribalari, jang maydonidagi og‘ir damlar, safdosh do‘stlari bilan bog‘liq voqealar, xizmat yillarida duch kelgan turli sinovlar haqida so‘z yuritdilar. Ayniqsa, ular o‘rtasidagi birdamlik va har qanday sharoitda bir-biriga ko‘rsatilgan yordamlari bugungi yoshlar uchun chinakam hayot sabog‘i bo‘ldi.
Tadbir davomida filial talabalari tomonidan Vatan, tinchlik va jasorat mavzularida tayyorlangan she’riy va musiqiy chiqishlar namoyish etildi. Faxriy mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir so‘nggida filial rahbariyati faxriy mehmonlarga chuqur minnatdorchilik bildirib, bu kabi uchrashuvlar orqali yoshlar qalbida vatanparvarlik, tarixga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat ruhini kuchaytirish yo‘lida yana bir qator loyihalar amalga oshirilishini ma’lum qildi.
скачать dle 12.1