Qahramonlar qadri — xalq qalbida
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali rahbariyati hamda talaba-yoshlari 9-may — “Xotira va qadrlash kuni” hamda Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan urush yillarida front ortida fidokorona mehnat qilgan faxriylarimizdan biri, bugun qariyb yuz yoshni qarshilayotgan onaxon Ulmeken Esnazarovaning uyiga tashrif buyurishdi.
Bu tashrif yurtimizda o‘tmishga hurmat, faxriylarimizga ehtirom ko‘rsatishdek ezgu an’analarni davom ettirish, yosh avlod qalbida vatanparvarlik, fidoyilik va mehr-oqibat tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Hurmatli Ulmeken Esnazarova 1941–1945-yillarda Ikkinchi jahon urushi davrida front ortida o‘zining matonati, sabr-toqati va mardligi bilan fidokorona xizmat qilgan. Urushning og‘ir-yengilini boshidan kechirgan, g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgan bu kabi insonlar bugungi tinch hayotimizning beqiyos tayanchlaridir. — Bugungi tinch hayotimiz uchun fidokorona xizmat qilgan insonlar — Vatanimizning tirik tarixidir. Muborak yoshli onaxonlarimizga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibor — bu xalqimizning qadriyatlarga sadoqati ifodasidir. Ulmeken onaxonning hayoti yoshlarimiz uchun ibrat maktabidir. Bunday uchrashuvlar yoshlarni tarixni unutmaslikka, tinchlikni qadrlashga va Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga ruhlantiradi—deydi filial direktori A.Esimbetov.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Prezidentimizning tegishli Farmoni asosida, Ulmeken Esnazarovaga 1941–1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida qo‘lga kiritilgan G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali tantanali tarzda topshirilgan.
Uchrashuv davomida filial rahbariyati faxriyimizga sovg‘a-salomlar ulashdi, uning hayoti, urush yillaridagi mehnatlari haqida suhbatlashildi, talaba-yoshlar esa sabr, bardosh va yurtga sadoqat bobida chinakam ibrat bo‘ladigan hayotiy saboqlarga boy bo‘lgan bu uchrashuvdan katta ruhiy ko‘tarinkilik oldilar.
Bu kabi tashriflar faxriylarimizga e’tibor va g‘amxo‘rlikni amalda ko‘rsatish bilan birga, yosh avlodni tarixni unutmaslikka, qadriyatlarimizni ulug‘lashga va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Xotira abadiy, qadrlash burchimiz!
скачать dle 12.1