Favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir o‘tkazildi
Joriy yilning 6-may kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talaba-yoshlarning favqulodda vaziyatlar, xususan zilzila va suv xavfsizligi borasidagi bilim va tushunchalarini oshirishga qaratilgan navbatdagi profilaktik tadbir tashkil etildi. Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari X.Abdijaliyev kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, bu kabi uchrashuvlar yoshlarning hushyorlik, xavfsizlik va mas’uliyat borasidagi madaniyatini shakllantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Tadbirda Nukus shahri Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimi, kapitan J.To‘rayev, filial profilaktika inspektori, kapitan Q.Qayipnazarov hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Mutaxassislar tomonidan berilgan ma’lumotlar va hayotiy tajribalar asosida talabalar o‘zlari uchun muhim saboqlar oldilar.
Tadbirda talabalarga zilzila hodisasining yuzaga kelish sabablari, uning salbiy oqibatlari, shuningdek, bu kabi favqulodda holatlarga tayyor turish va ularning oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha zaruriy tavsiyalar berildi. Bundan tashqari, yoz mavsumida dolzarb bo‘lib qolayotgan suv havzalarida cho‘milish qoidalari yuzasidan ham atroflicha tushuntirishlar berildi. “Cho‘milish qoidasi – umr foydasi” shiori ostida o‘tgan mazkur uchrashuvda, ayniqsa, taqiqlovchi belgilar – “Xavfli!”, “Cho‘milish taqiqlanadi!”, “Sho‘ng‘ish (suvga sakrash) taqiqlanadi!” kabi ogohlantiruvchi yozuvlar o‘rnatilgan joylarda cho‘milish va suvga sakrashning salbiy holatlari, ularning oqibatlari haqida aniq faktlar va misollar keltirildi.




Axborot xizmatiскачать dle 12.1