“Eng muhim bosqich” shiori ostidagi sport bahslari – sog‘lom avlod tarbiyasiga xizmat qilmoqda
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish va ommaviy sportga keng jalb etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, aprel–may oylarida “Eng muhim bosqich” shiori ostida tashkil etilayotgan sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bu boradagi samarali tashabbuslarning amaliy ifodasidir.
Mazkur tadbirlar doirasida o‘tkazilgan “Direktor kubogi” musobaqasi qizlar o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda tashkil etildi. Musobaqada turli bosqich talabalari faol ishtirok etib, o‘z jamoaviy hamjihatligi, sport mahorati va g‘alabaga bo‘lgan intilishi bilan barchaga ijobiy kayfiyat ulashdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, 3-bosqich 306-guruh talabalaridan tashkil topgan jamoa barcha raqiblarini ortda qoldirib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 4-bosqich 412-guruh talaba-qizlari jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 3-bosqich 303-guruh jamoasi uchinchi o‘rinni band etdi.
G‘olib jamoalar uchun taqdirlash marosimi o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu kabi tadbirlar nafaqat sportga bo‘lgan qiziqishni oshiradi, balki talabalar orasida do‘stlik, jamoaviylik va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
скачать dle 12.1