“Yosh biokimyogarlar” to‘garagi doirasida kasbiy ko‘nikmalar shakllantirilmoqda
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talabalar bilimini amaliyot bilan mustahkamlash, ularning ilmiy dunyoqarashi va kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, “Veterinariya diagnostikasi va oziq-ovqat xavfsizligi” kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh biokimyogarlar to‘garagi” doirasida muntazam ravishda dars mashg‘ulotlari olib borilmoqda.
To‘garak faoliyatida kafedra o‘qituvchilari D.Bazarbayeva va B. Muratbayevalar tomonidan dolzarb mavzular asosida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Jumladan, D. Bazarbayeva tomonidan olib borilgan
“Preparatlarni Gram usulida bo‘yash” mavzusidagi laborator mashg‘ulot davomida talabalar bakteriyalarni differensial bo‘yash texnikasi, uning mikrobiologik tashxislashdagi ilmiy-amaliy ahamiyati va mikroskopik tekshiruvda amalga oshiriladigan asosiy bosqichlar bilan atroflicha tanishdilar.
Shuningdek, B.Muratbayeva tomonidan o‘tkazilgan “Qishloq xo‘jaligi hayvonlarining siydik bo‘lib chiqish organlar tizimi” mavzusidagi dars mashg‘uloti hayvonlar fiziologiyasi va urogenital tizimining tuzilishi hamda funksional xususiyatlarini chuqur tahlil qilishga qaratildi. Mashg‘ulot davomida siydik chiqarish organlarining tuzilishi, vazifalari, patologik holatlarda yuzaga keladigan o‘zgarishlar va ularni tashxislash metodlari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berildi.
Mazkur mashg‘ulotlar to‘garak a’zolarining biologiya, fiziologiya va biokimyo fanlariga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning kasbiy yo‘nalishda mustahkam bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
To‘garak faoliyati davomida talabalar nafaqat amaliy laboratoriya ishlarini o‘zlashtirib, balki veterinariya diagnostikasi sohasida samarali faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni rivojlantirdilar. Ushbu mashg‘ulotlar to‘garak a’zolarining kasbiy qiziqishlarini kuchaytirdi va ularni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha yanada chuqurroq bilim olishga rag‘batlantirdi.
скачать dle 12.1