Stol tennisi— kuch, chaqqonlik va g‘alaba
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida talabalar uchun sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ijtimoiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali yoshlarni ezgu g‘oyalarga yo‘naltirish, ularda sog‘lom raqobat va jamoaviylik ruhini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ham ana shunday maqsadlarga qaratilgan qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Aprel–may oylarida “Eng muhim bosqich” shiori ostida boshlangan sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlar talabalarning faol ishtirokida o‘tmoqda. Bu esa nafaqat ularning jismoniy sog‘lig‘ini mustahkamlash, balki o‘zaro do‘stlik, hurmat va sog‘lom raqobat muhitini yaratishda ham muhim omil bo‘lmoqda.
5-may kuni o‘g‘il-qiz talabalar o‘rtasida tashkil etilgan stol tennisi bo‘yicha musobaqa ham ana shu ezgu maqsadlar davomidir. Sportning ushbu turi bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvda turli kurs va guruhlardan talabalar ishtirok etdi. Bahslar murosasiz va jonli ruhda kechdi, har bir ishtirokchi o‘zining chaqqonligi, diqqat-e’tibori va sport madaniyatini namoyish qildi.
— Har bir sport tadbiri – bu nafaqat g‘oliblik uchun kurash, balki talabalarning o‘z salohiyatini namoyish etish, jismoniy va ruhiy bardamligini mustahkamlash imkonidir. Biz uchun asosiy maqsad – ularni sog‘lom hayotga yo‘naltirish va ijobiy muhit yaratishdir, — deydi yoshlar masalalari bo‘yicha dekan muovini E.Seytmuratov.
Musobaqa yakunida quyidagi talabalar g‘olib deb topildi:
O‘g‘il bolalar o‘rtasida:
1-o‘rin – 309-guruh talabasi M.To‘libayev
2-o‘rin – 306-guruh talabasi S.Turg‘unov
3-o‘rin – 205-guruh talabasi J.Tojibaev
Qizlar o‘rtasida:
1-o‘rin – 403-guruh talabasi U.Begaliyeva
2-o‘rin – 301-guruh talabasi G.Aqbergenova
3-o‘rin – 412-guruh talabasi M.Qallibekova
Eng muhimi, bunday tadbirlar talabalar qalbida sog‘lom raqobat, qat’iyat, irodaviy mustahkamlik va jamoaviylik fazilatlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Filialda sport va madaniy tadbirlar davom etmoqda. Ularning har biri — talabalarning hayotida ijobiy iz qoldiradigan, ularni rag‘batlantiradigan va sog‘lom avlod sifatida shakllantirishga xizmat qiladigan muhim bosqichdir.
скачать dle 12.1