Mutaxassislar uchun o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 2-may kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Hayvonlar kasalliklari tahlili va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi” mavzusiga bag‘ishlangan respublika miqyosidagi o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida filialda sohaga oid ko‘rgazma tashkil etildi. Unda veterinariya va chorvachilik yo‘nalishidagi ilg‘or ishlanmalar, diagnostik vositalar, ilmiy-amaliy yutuqlar namoyish etildi.
Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF–34-sonli farmoni ijrosini taʼminlash, sohada ilmiy-tahliliy yondashuvni kengaytirish hamda veterinariya xizmatlarining sifatini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Seminarda respublikamizdagi mutasaddi tashkilotlar vakillari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tuman veterinariya bo‘limlari xodimlari, sohaga aloqador mutaxassislar, shuningdek, Nukus filiali professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining Fan va taʼlim sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, veterinariya fanlari doktori, professor S.Mavlonov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
O‘quv-seminar davomida yetakchi mutaxassislar tomonidan hayvonlar kasalliklarini erta aniqlash, zamonaviy diagnostika usullari, bioxavfsizlik choralarini ko‘rish, oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi va sifati kabi masalalar yuzasidan atroflicha maʼlumotlar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarining fikr-mulohazalari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, sohaga oid mavjud muammolarni hal etish borasida takliflar bildirdilar. O‘quv-seminar barcha ishtirokchilar uchun foydali bo‘ldi va amaliy ahamiyat kasb etdi.
Axborot xizmati
скачать dle 12.1