Chempionlar bilan uchrashuv yoshlarni ilhomlantirdi
Bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida yoshlar qalbida sportga mehr uyg‘otish, ularda g‘alabaga intilish, Vatanga sadoqat va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida sportchi va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv doirasida sportning yunon-rim kurashi turi bo‘yicha ikki karra Osiyo chempioni, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi J.Berdimuratov, uning murabbiyi R.Ernazarov, shuningdek qilichbozlik bo‘yicha Jahon kubogi bronza medali sohibi, Osiyo kubogi g‘olibi Sh.Mamutov mehmon sifatida ishtirok etdi. Ular bilan yuzma-yuz suhbat, yoshlar qalbida o‘chmas iz qoldirdi.
Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari X.Abdijaliyev ochib berar ekan, bugungi kunda sport nafaqat jismoniy baquvvatlik, balki irodaning chiniqishi, Vatanga sadoqat va o‘z ustida ishlashning eng yorqin ifodasi ekanini ta’kidlab, sportning fidoyilik va sabr-toqat maktabi ekani haqida so‘z yuritdi.
Sportchilar yoshlar bilan o‘z tajribalari, yutuqlari va hayotiy saboqlari bilan o‘rtoqlashar ekan, har bir muvaffaqiyat ortida mehnat, iroda va Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat yotganini ta’kidladilar. Ularning samimiy va ilhomlantiruvchi so‘zlari talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Chempionlar yutuq va sinovlari, sport maydonidagi g‘alabalari orqasida yotgan og‘ir mehnat haqida samimiy so‘z yuritdilar. Har bir so‘z, har bir hikoya yoshlarimizga nafaqat kuch, balki ishonch, g‘urur va ilhom ato etdi.
Bunday uchrashuvlar yosh avlodni sog‘lom hayot sari yetaklaydi, ularni ezgu maqsadlarga chorlaydi. Sportga bo‘lgan mehr va qiziqishni oshiradi, Vatanga sadoqat, irodali va fidokor bo‘lishga undaydi. Eng asosiysi, ular orzu qilishdan, ulug‘ marralarni ko‘zlashdan qo‘rqmaslik kerakligini yana bir bor isbotlaydi. Zero, bugunning yosh sportsevarlari — ertangi kunning chempionlari, el-yurt faxridir!
скачать dle 12.1