Yong‘in xavfsizligi – doimiy e’tiborda
Qishloq xo‘jaligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, mavjud muammolarni o‘rganish hamda bu boradagi ishlarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tegishli mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda ishchi guruh shakllantirildi.
Mazkur ishchi guruh tomonidan joriy yilning aprel oyida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida yong‘in xavfsizligi holati o‘rganildi.
Tashrif doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi Ilm-fan, innovatsiyalar va ta’limni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi D.Omonov tomonidan filial binolarida yong‘in xavfsizligiga oid mavjud shart-sharoitlar, yong‘in xavfsizligi tizimining holati, jihozlanganlik darajasi, belgilangan me’yor va talablarga muvofiqligi atroflicha ko‘zdan kechirildi.
Xususan, talaba-yoshlar istiqomat qilayotgan yotoqxonalardagi yong‘in xavfsizligi vositalarining mavjudligi, ularning texnik holati, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilishi va evakuatsiya rejalari borasida ham tegishli tahlillar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar chog‘ida filial rahbariyati tomonidan yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud jihozlar, profilaktik tadbirlar, xodimlar va talabalarning xabardorlik darajasi, yong‘in sodir bo‘lishining oldini olishga qaratilgan ishlar haqida axborotlar berildi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan yong‘in xavfsizligini kuchaytirish, mavjud infratuzilmani takomillashtirish, yong‘in xavfsizligi vositalarini yangilash, ularni muntazam ravishda texnik ko‘rikdan o‘tkazib borish, hamda bu borada muntazam nazoratni kuchaytirish yuzasidan zaruriy tavsiyalar berildi.
Tashrif yakunida ishchi guruh a’zolari tomonidan ta’lim muassasasida yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish, bu borada xodim va talabalar o‘rtasida muntazam tushuntirish ishlarini olib borish, zaruriy profilaktik tadbirlarni yo‘lga qo‘yish lozimligi ta’kidlandi.
скачать dle 12.1