Filial talabalari esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi
2025-yil 26-aprel kuni Taxtako‘pir tumanida joylashgan “Qorateran” etnoturistik majmuasida yurtimiz oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Talabalar bahori” festivalining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari qatori Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali jamoasi hamda faol talaba-yoshlari filial direktori A.Esimbetov hamrohligida qatnashdi.
Festival doirasida o‘tkazilgan “Munozara–debat” intellektual o‘yinida filialning “Kelajak yoshlari” jamoasi yuqori saviyadagi bilim va mahoratini namoyish etib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. G‘olib jamoaga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘asi topshirildi.
Taqdirlash marosimidan so‘ng festival ishtirokchilari uchun bayramona konsert dasturi namoyish etildi. Tadbir davomida turli badiiy chiqishlar, kuy-qo‘shiqlar va raqslar talabalarga yuqori kayfiyat ulashdi.
Filial direktori A.Esimbetov o‘z tabrik so‘zida shunday ta’kidladi:
"Talabalarimizning bugungi yutuqlari ular bilimdon, iqtidorli va fidokor yoshlar ekanligini yana bir bor tasdiqladi. Sizlarga doimo yutuq va muvaffaqiyatlar tilaymiz"!
Festival yakunida filialning talaba-yoshlari “Qorateran” etnoturistik majmuasining go‘zal manzaralaridan bahramand bo‘lib, unutilmas taassurotlar bilan ortga qaytishdi.
Bunday tadbirlar talabalarning bilim va iqtidorini oshirish, ularni do‘stlik va hamkorlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
скачать dle 12.1