BUTUNJAHON VETERINARIYA KUNI: VETERINARIYA SOHASIGA BAG‘ISHLANGAN GLOBAL E’TIBOR
Har yili aprel oyining so‘nggi shanbasida dunyo bo‘ylab Butunjahon veterinariya kuni keng nishonlanadi. Ushbu muhim sana 2000-yilda Butunjahon veterinariya assotsiatsiyasi (World Veterinary Association – WVA) tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi hayvonlar salomatligi, inson salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilishda veterinariya mutaxassislarining beqiyos hissasini keng jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.
Bu kun veterinariya sohasi xodimlarining hayvonlar farovonligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bioxavfsizlikni mustahkamlash hamda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan xizmatlarini e’tirof etish kuni sifatida qaraladi. Aynan shu sababli bu sananing mazmuni yildan-yilga yanada chuqurroq va dolzarbroq tus olmoqda.
Joriy yildagi mavzu orqali veterinariya faoliyatining jamoaviy va kompleks xarakteri alohida ta’kidlanmoqda. Hayvonlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida nafaqat veterinariya shifokorlari, balki veterinariya hamshiralari, texniklar, tadqiqotchilar, laboratoriya mutaxassislari va sog‘liqni saqlash tizimidagi boshqa hamkor soha vakillarining birgalikdagi sa’y-harakatlari muhim o‘rin tutadi.
Shuningdek, bu kun zoonoz kasalliklarga qarshi kurash, “One Health” – “Yagona salomatlik” konsepsiyasining mohiyati, ya’ni inson, hayvon va atrof-muhit salomatligi o‘rtasidagi uzviy aloqani tushuntirishda ham katta ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, barqaror parvarish amaliyotlari, ekologik yondashuvlar va sog‘liqni saqlashda innovatsion texnologiyalarni joriy etish bugungi kunda global veterinariya kun tartibidagi eng dolzarb masalalardan biridir.
Ushbu sana butun dunyo bo‘ylab odamlarning veterinariya kasbiga bo‘lgan hurmatini ifodalovchi kun bo‘lib, ko‘plab mahalliy veterinariya shifokorlari, ilmiy markazlar va tashkilotlarga minnatdorchilik bildirish an’anaga aylangan. Bu orqali veterinarlarga jamiyatdagi o‘rni va hissasi yanada chuqur anglatiladi.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, 2019-yildan boshlab WVA tomonidan "Butunjahon veterinariya kuni" mukofotlari ta’sis etilgan. Ushbu mukofotlar veterinariya sohasiga qo‘shgan ulkan hissasi, innovatsion faoliyati va ilg‘or tashabbuslari bilan ajralib turgan mutaxassislarga topshiriladi. Mazkur tashabbus "Health for Animals" – Hayvonlar salomatligi sanoati global assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, har yili 9-dekabr sanasida nishonlanadigan Xalqaro veterinariya kuni ham mavjud. Bu kun butun dunyo bo‘ylab veterinariya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning mashaqqatli mehnati va fidoyiligi e’tirof etiladigan yana bir muhim sana hisoblanadi. Xalqaro veterinariya kuni “International Veterinary Outreach” (IVO) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, global darajada veterinarlarga bo‘lgan hurmat va e’tiborni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari,
biologiya fanlari nomzodi
Q. Atanazarov
скачать dle 12.1