Barqaror chorvachilik sari: Filialda respublika ilmiy-texnik anjumani
2025-yil 25-aprel kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Orolbo‘yi hududida chorvachilikda innovatsion texnologiyalar va rivojlantirishning istiqbollari” mavzusida Respublika ilmiy-texnik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhim ilmiy anjuman chorvachilik sohasida olib borilayotgan zamonaviy tadqiqotlarni bir joyga jamlash, ilg‘or tajribalarni almashish, shuningdek, sohani barqaror rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlarni belgilash maqsadida tashkil etildi.
Konferensiyada respublikaning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar, yosh olimlar, magistrantlar va talaba-yoshlar faol ishtirok etdi. Anjuman doirasida chorvachilik sohasining ekologik, iqtisodiy va ilmiy-texnik asoslarini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish kabi dolzarb mavzular keng muhokama qilindi.
Mazkur ilmiy-texnik anjuman uchun jami 70 ga yaqin ilmiy maqola taqdim etildi. Taqdim etilgan materiallar orasida hayvonlar seleksiyasi, naslchilik, oziqlantirish texnologiyalari, veterinariya-profilaktika tadbirlari, chorvachilikda ekologik yondashuvlar, genetik tahlil metodlari hamda biotexnologik yangiliklar kabi turli yo‘nalishlar qamrab olingan bo‘lib, ular sohaga oid fundamental va amaliy ilmiy izlanishlarning samarali natijalarini aks ettiradi.
Konferensiyaning xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rni ham alohida e’tiborga molik. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahridagi Texnologiya universiteti “Oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi” kafedrasi professori S.Mirzakulov anjumanda online shaklida faol ishtirok etdi. U “Qozog‘istonda chorvachilik rivojlanishining ilmiy-texnologik jihatlari” mavzusida ilmiy ma’ruza bilan qatnashib, Orolbo‘yi mintaqasidagi ilmiy faoliyatni yuqori baholab, ushbu konferensiyani ilmiy va amaliy tajriba almashish uchun muhim maydon sifatida e’tirof etdi.
Professor S.Mirzakulov o‘zining iliq fikrlarida ushbu konferensiya nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, sohaga oid zamonaviy yondashuvlar bilan tanishish, shuningdek, yosh tadqiqotchilarni rag‘batlantirish va ularni ilmiy faoliyatga keng jalb etish nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Konferensiya yakunida eng yaxshi ilmiy maqolalar saralanib, mualliflar filial rahbariyati tomonidan sertifikatlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ushbu anjuman Orolbo‘yi hududida chorvachilik sohasini innovatsion asosda rivojlantirishda navbatdagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.



скачать dle 12.1