Xalqaro tajriba — zamonaviy ta’lim kaliti: KOICA bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda
Zamonaviy ta’lim jarayonlari globallashuv bosqichiga kirib borgan hozirgi sharoitda talabalarimizning chuqur bilim va keng dunyoqarashga ega bo‘lishi bevosita xorijiy tajriba va ilg‘or metodikalarni o‘zida mujassam etgan o‘quv dasturlariga bog‘liq. Xorijiy o‘qituvchilarni ta’lim tizimiga jalb etish esa, nafaqat bilim almashuvini ta’minlash, balki o‘quv jarayonlarini jahon talablari asosida takomillashtirishga xizmat qiladi.
Shu maqsadda, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida KOICA vakillari — So Wan Su, Park Junhyung hamda Rojiboev Ilxom filial rahbariyati, xususan, filial direktori A.Esimbetov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollari, xorijiy mutaxassislarni ta’lim jarayoniga volontyor sifatida jalb qilish, ilg‘or tajriba almashinuvi va yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv chog‘ida KOICA tomonidan Koreya Respublikasidan tajribali o‘qituvchilarni bir yil davomida Nukus filialida dars o‘tish uchun yuborish, ilmiy va amaliy yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi. Xususan, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va infratuzilmaviy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif davomida mehmonlarga filialning asosiy faoliyati, mavjud ta’lim jarayonlari, laboratoriyalar va o‘quv xonalarining texnik jihozlanishi, talabalar soni va ularning yutuqlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. KOICA vakillari filial hududida yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy o‘quv xonalari hamda laboratoriyalar bilan yaqindan tanishdilar.
Agar mazkur tashabbus muvaffaqiyatli amalga oshsa, Koreya Respublikasidan tajribali o‘qituvchilar Nukus filialida faoliyat olib boradi va talabalar bilimini mustahkamlashga katta hissa qo‘shadi. Ushbu hamkorlikdan kutilayotgan asosiy natija — ta’lim jarayonini xalqaro tajribaga asoslangan holda boyitish, innovatsion yondashuvlarni tatbiq qilish va talabalarga yuqori sifatli bilim berishdan iborat.
скачать dle 12.1