Ekologik sohadagi ilmiy-amaliy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti vakillari tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif doirasida institutning Yer resurslarini muhofaza qilish laboratoriyasi mudiri, PhD R.Madrimov, Biologik xilma-xillik laboratoriyasi mudiri M.Qurbanbaeva hamda Yer resurslarini muhofaza qilish laboratoriyasi bo‘lim boshlig‘i X. Boboev filial direktori A.Esimbetov bilan uchrashib, ekologiya yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan strategik hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv davomida, shuningdek, institut vakillari tomonidan Mo‘ynoq tumanida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun ajratilgan 10 gektar yer maydoni mavjudligi ta’kidlandi. Mazkur maydon ekologik monitoring, tuproq va biologik xilma-xillik tahlillari, cho‘l zonasining degradatsiyasi va uni tiklashga qaratilgan amaliy tajribalar uchun tabiiy laboratoriya vazifasini bajaradi. Tomonlar ushbu hududda filialda tahsil olayotgan magistrantlar va doktorantlarni jalb etgan holda, ularning ilmiy-tadqiqot ishlari, amaliy ko‘nikmalari va dala sharoitida mustaqil izlanish olib borish imkoniyatlarini kengaytirish borasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Bu kabi ilmiy-amaliy aloqalar zamonaviy ekologik muammolarga yechim topishda yosh olimlarning salohiyatidan samarali foydalanish, fundamental va qo‘llanma ilmiy tadqiqotlar olib borish imkonini yaratadi.
скачать dle 12.1