«Zooinjeneriya» kafedrasida yosh chorvador to‘garagi faoliyati muntazam ravishda o‘tkaziladigan dars mashg‘ulotlari bilan jonli va samarali tarzda olib boriladi. To‘garak nafaqat yoshlarning chorvachilik sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, balki ularning ilmiy va amaliy bilimlarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Kafedraning stajyor-o‘qituvchisi Z.Tleubayeva tomonidan «Sutchilikning xalq xo‘jaligidagi ahamiyati» mavzusida o‘tkazilgan navbatdagi dars yoshlar uchun ilmiy jihatdan foydali bo‘ldi.
Dars davomida Z.Tleubayeva sutning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatini, uning xalq xo‘jaligidagi o‘rni va rivojlanish istiqbollarini yoritdi. Ushbu mavzu doirasida talabalar sutchilikning xalq xo‘jaligi uchun qanday ahamiyatga ega ekanligini, sut mahsulotlari ishlab chiqarish va ta’minotini muhim iqtisodiy tarmoqlardan biri sifatida ko‘rsatib o‘tishdi. Darsda o‘quvchilarga sutni ishlab chiqarish va qayta ishlashdagi zamonaviy texnologiyalar va ilmiy yondashuvlar haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, dars davomida sut ko‘rgazmasi tashkil etildi, bu esa talabalar va yoshlarning sutchilik sohasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi. Ko‘rgazmada turli xil sut mahsulotlari namoyish etilib, talaba-yoshlar o‘z taqdimotlarini amalga oshirdilar. Taqdimotlar davomida yoshlar sutchilik sohasida amalga oshirilayotgan innovatsiyalar, yangi texnologiyalar va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha fikrlarini bildirgan holda, shu sohaga bo‘lgan qiziqishlarini namoyish etdilar.
Bunday tadbirlar yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, ularning amaliy tajribasini oshirish, shuningdek, chorvachilik sohasidagi yangiliklar bilan tanishtirishda muhim o‘rin tutadi. To‘garak faoliyati orqali yoshlar o‘z bilimlarini kengaytirib, kelajakda bu sohada muvaffaqiyatlarga erishish uchun zarur bo‘lgan tajriba va ko‘nikmalarni egallaydilar.