Talabalar Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi bo‘yicha tushunchalarga ega bo‘lishdi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Xalqaro aloqalar bo'limi tashabbusi bilan Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi uchun Oliy ta'lim islohotlari bo‘yicha milliy eksperti hamda Kasbiy ta'lim bo‘yicha Yevropa ta'lim fondi uchun milliy eksperti A.Tureniyazova ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuvni filial direktori A.Esimbetov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Talaba-yoshlarga milliy ekspert tomonidan Yevropa Ittifoqining Erasmus+dasturining maqsadi va vazifalari, dastur doirasida amalga oshirilgan yirik loyihalar, erishilgan natijalar xususida atroflicha ma'lumotlar berildi. Ushbu dastur intiluvchan yoshlarni ta'lim va sport sohasidagi loyihalarga jalb qilgan holda ularni amaliy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Tadbir davomida ishtirokchilarga «Oliy ta'limda salohiyatni rivojlantirish» yo‘nalishi bo‘yicha tanlab olingan loyihalar va ularga ajratilgan byudjet mablag‘lari bo‘yicha statistik ma'lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, oliy o‘quv yurtining ilmiy jazibodarligini yanada oshirish va reyting pog‘onalarini ko‘tarish bo‘yicha ham ma'lumotlar berib o‘tildi. Talaba-yoshlarni mavzu yuzasidan qiziqtirgan savollarga mutaxassis tomonidan to‘laqonli javoblar berildi. A.Tureniyazova yoshlarga o‘zlaridan motivasiya olgan holda, katta maqsadlar sari shaxdam odimlab borishni tavsiya qildi. Talabalarda Erasmus+ dasturi bo‘yicha keng tushunchalar hosil bo‘ldi.
скачать dle 12.1