«Chorvachilikda innovatsion texnologiyalar va soha istiqbollari» atamasida konferensiya o‘tkazildi
Joriy yilning 15 noyabr kuni Poytaxtimizdagi “Yoshlar markazi”ning majlislar zalida Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali tomonidan «Chorvachilikda innovatsion texnologiyalar va soha istiqbollari» atamasida Respublika miqyosida ilmiy va ilmiy texnik konferensiyasi tashkil etildi.




Unda Qozog‘iston Respublikasining “ “QS World University Rankings” 500 taligiga kiradigan Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Respublikasi qishloq-xo‘jaligi vazirligi xuzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, Veterinariya dori vositalari va ozuqobop qo‘shimchalarining sifat va muomalasi nazorat bo‘yicha davlat ilmiy markazi mutaxassislari, tayanch o‘quv yurtimiz bo‘lgan Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rahbariyati, filial professor-o‘qituvchilari, yosh doktorantlar va talaba-yoshlar onlayn va offlayn tarzda ishtirok etishdi.



Tadbirning hurmatli mehmonlari dutor ohanglari ostida, milliy an'analarimiz asosida non va tuz bilan kutib olindi. Tadbir doirasida sohaga oid ko‘rgazma tashkil etildi. Konferensiyani filial direktori, biologiya fanlari doktori, professor A.Esimbetov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Tadbirga onlayn tarzda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi qishloq-xo‘jaligi vazirligi xuzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, professor Sh.Jabbarov konferensiya ishlariga muvaffaqiyat tiladi va A.Esimbetovning yaqinda professor ilmiy unvoniga ega bo‘lganligi bilan samimiy muborakbod etdi. Shundan so‘ng, tadbirda ishtirok etayotgan professor S.Movlonov qo‘mita rahbariyati nomidan professor ilmiy unvoni diplomini tantanali ravishda A.Esimbetovga topshirdi.

Konferensiya davomida chorvachilik sohasi bo‘yicha erishilayotgan yutuqlar, sifat va natijadorlikning sezilarli darajada ortib borayotganligi, tizimda yangicha yondashuv asosida olib borilayotgan ishlar, chorvadorlar uchun yaratilgan sharoitlar, sohada uchraydigan kamchiliklar va ularni bartaraf qilish, olib borilayotgan islohotlarning samaradorligi bo‘yicha atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi va sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Ma'ruzachilarning chiqishlari tinglanib, o‘zaro fikr-mulohazalar almashindi. Ishtirokchilar tomonidan ham savollar berildi va takliflar bildirildi. Tadbir yakunida faol ishtirok etganlarga tashakkurnoma topshirildi. Ushbu konferensiya to‘plamiga Eron Islom Respublikasi va Qozog‘iston Respublikalaridan tezislar kiritildi. Yuqori saviyada tashkil etilgan konferensiya ishtirokchilari chorvachilik sohasi bo‘yicha to‘laqonli ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.

Axborot xizmati скачать dle 12.1