Murzik laqabli yoqimtoy mushuk bolasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining veterinariya klinikasida xirurg-veterinar Maxset Sagizbaev tomonidan uy hayvonlariga ko‘plab jarrohlik amaliyoti o‘tkazib kelinmoqda. Talabalarning amaliy dars jarayoni ushbu klinikada olib boriladi. Bugun navbatdagi operatsiya 4 oylik Murzik laqabli mushuk bolasida o‘tkazildi. Unga koprostaz (ich qotishi) tashhisi qo‘yildi. Bu kasallikda ichak va oshqozon faoliyatining buzilishi kuzatiladi. Bunday hollarda ko‘pincha to‘liq ichak tutilishiga olib keladi va kasallikka chalingan hayvonda ichak tizimi normal holatining buzilishi yuzaga kelib, o‘tkir og‘riqlar bilan kechadi. Veterinariya medisinasi yo‘nalishining 3-bosqich 300-guruh talabalari ishtirokida amalga oshirilgan jarrohlik amaliyoti davomida sanitariya-gigiena qoidalariga qat'iy amal qilindi. Amaliy dars doirasida ularga tegishli bilim va ko‘nikmalar berildi. Mushuk bolasining kasalligi va hozirgi holati bo‘yicha batafsil ma'lumotlar berildi.
— Uy egasi tomonidan keltirilgan mushuk bolasida deyarli 10 kun mobaynida koprostaz (ich qotishi) kuzatilgan. Agar operatsiya o‘tkazilmasa nobud bo‘lish xavfi ham bor edi. Og‘riqli kechadigan ushbu kasallikda mushuk anchagina qiynalib qolgan. Shukur, jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi.
Endi Murzik uchun yaxshi parvarish kerak—deydi ishining ustasi, qo‘li yengil jarrohimiz Maxset Sagizbaev. Ushbu operatsiya jarayonida talaba-yoshlar yaxshigina tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘lishdi. Muhimi, Murzik laqabli yoqimtoy mushuk bolasi og‘riqlardan holi bo‘lib, uyiga sog‘lom holda qaytarildi.
скачать dle 12.1