Filial jamoasiga madaniy hordiq va ko‘tarinkilik bag‘ishlagan lektoriy konsert dasturi
Talaba-yoshlarning milliy madaniyatimizni yanada rivojlantirishga qiziqishlarini orttirish hamda ularning musiqiy savodxonligini yanada oshirish maqsadida respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlarida lektoriy konsert dasturlari o‘tkazilib kelinmoqda. Jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Prezidentimizning 2022 yil 2-fevraldagi «Madaniyat va san'at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta'sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-112-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi bilan hamkorlikda “Lektoriy konsert” dasturi o‘tkazildi. Filial direktori A.Esimbetov tadbir avvalida nutq so‘zlab, shu kabi konsert dasturlarini tashkil etib borish orqali talabalarining milliy san'at durdonalariga bo‘lgan qiziqishini shakllantirib borish imkoni ortishini ta'kidladi.
Filial rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba-yoshlarga Dirijyor Sultan Reymov boshchiligida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi «Xalq sozlari» orkestrning jonli musiqa sadolari ostida konsert dasturi namoyish etildi. Orkestr tomonidan barcha uchun tanish va sevimli bo‘lgan kinofil'mlardagi asarlarning ijro etilishi zalda o‘tirganlarni xushnud etib, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonga xizmat ko‘rsatgan artistlar Begis Temirbaev va A.Usenova, “Nihol” mukofoti sovrindori G.Utepova hamda el suygan xonandalar A.Asqarov ijrosidagi jonli kuy va qo‘shiqlar ushbu konsert dasturining haqiqiy atmosferasini yaratib bera oldi. Davomiy qarsaklar ostida bo‘lib o‘tgan konsert dasturi filial jamoasi va talaba-yoshlariga chin ma'noda madaniy hordiq bag‘ishladi. Shu o‘rinda, jonli tarzda ijro etilgan musiqa va kuy-qo‘shiqlar qalblarga yetib borgan bo‘lsa ajab emas.
скачать dle 12.1